Umumiy qoidalar
"CORE TEAM" MCHJ (CoreTeam; «biz», «kompaniya»; STIR 310624981) — O'zbekistonda ro'yxatdan o'tgan yuridik shaxs. Ushbu maxfiylik siyosati veb-saytlarimiz va ilovalarimiz (jumladan Davrada, avvalgi nomi GapEvent) orqali yig'iladigan foydalanuvchi ma'lumotlariga taalluqlidir.
Yig'iladigan ma'lumotlar
- Hisob ma'lumoti: ism, email, telefon raqami (foydalanuvchi bergan).
- Foydalanish ma'lumoti: qaysi sahifa yoki funksiyadan foydalanganligingiz, qurilma turi, taxminiy joylashuv (IP asosida).
- Tadbir ma'lumotlari: Davrada'da yaratgan tadbirlaringiz, sizni taklif qilishgan tadbirlar va ularga bergan javoblaringiz (ishtirok javobi va sana bo'yicha ovozlar).
- Onlayn holat (Davrada): ilovada oxirgi marta qachon faol bo'lganingiz va «Onlayn holat» sozlamangiz — batafsil pastdagi «Davrada ilovasi» blokida.
- Suhbatlar va qo'ng'iroqlar (Davrada): suhbatlarda yuborgan xabarlaringiz, rasm, video, ovozli va video xabarlar, fayllar, joylashuv va kontaktlar; har bir a'zo qaysi xabarlarni o'qigani; har bir qo'ng'iroq (kim kimga, qachon, audio yoki video, qancha davom etgani va qanday tugagani) va siz boshlagan har bir uchrashuv haqidagi yozuv.
- Kontaktlar (Davrada): kontaktlarga ruxsat bersangiz, ulardagi telefon raqamlari qaysilari Davrada'dan foydalanishini aniqlash uchun serverimizga yuboriladi; bu maqsadda biz ularni saqlamaymiz. Kontaktlaringizdan hali Davrada'da bo'lmagan odamni guruhga taklif qilsangiz, u Davrada'ga qo'shilguncha, taklif bekor qilinguncha yoki guruh o'chirilguncha uning telefon raqamini va siz saqlagan ismini saqlaymiz. Suhbatda yuborgan kontaktingiz boshqa xabarlar kabi saqlanadi.
- Shikoyatlar va bloklar (Davrada): siz yuborgan va siz haqingizda yuborilgan shikoyatlar (batafsil pastdagi «Davrada ilovasi» blokida) hamda siz bloklagan odamlar ro'yxati — har bir blokni uni olib tashlaguningizcha yoki biringiz hisobini o'chirguncha saqlaymiz.
- AI agent (Davrada): agar undan foydalansangiz — unga bergan topshiriqlaringiz, uning javoblari, u tayyorlagan qoralamalar va ularni tahrirlagan, yuborgan yoki bekor qilganingiz, javoblarning qisqa mazmuni, uning javobi ustidan shikoyat qilganingizda ko'rsatgan sababingiz, ruxsat bergan yoki uni bekor qilgan vaqtingiz, 18 yoshga to'lganingiz haqidagi tasdig'ingiz va qancha foydalanganingiz — batafsil pastdagi «Davrada ilovasi» blokida.
Davrada ilovasi: onlayn holat, hujjatlar, qo'ng'iroqlar, ekranni ulashish, shikoyatlar va AI agent
Onlayn holat va «oxirgi marta». Davrada ekraningizda ochiq turganda boshqalar onlayn ekaningizni ko'rishi mumkin; ilovadan chiqqaningizdan keyin esa oxirgi marta qachon onlayn bo'lganingizni (daqiqa aniqligida) ko'rishi mumkin. Biz ilovada oxirgi marta faol bo'lgan vaqtingizni va ko'rinish sozlamangizni saqlaymiz; hozir onlayn ekaningiz faqat serverimiz xotirasida turadi. Buni kim ko'rishini ilovada o'zingiz tanlaysiz — Profil → «Onlayn holat» (shuningdek Sozlamalar → Xavfsizlik): «Hamma», «Do'stlar» (standart: faqat Davrada'dagi do'stlaringiz ro'yxatidagi odamlar) yoki «Hech kim». Sozlama ikki tomonlama ishlaydi: holatingizni kimdan yashirsangiz, siz ham uning holatini ko'rmaysiz. Siz bloklagan va sizni bloklagan odamlar holatingizni hech qachon ko'rmaydi. Sozlamangiz «Hech kim» bo'lsa ham oxirgi faollik vaqtingiz yozib boriladi, lekin hech kimga ko'rsatilmaydi. Tadbir sahifasida ilovaga oxirgi marta kirgan vaqtingiz boshqalarga xuddi shu sozlama bo'yicha ko'rsatiladi; o'zingiz uni har doim ko'rasiz. «Onlayn holat» sozlamasi iOS uchun Davrada'ning 2.0 va undan keyingi versiyalarida bor; faqat Android ilovasidan yoki iOS'dagi oldingi versiyadan foydalansangiz, standart sozlama («Do'stlar») amal qiladi. Android ilovasi ishlab turganda, jumladan fonda ham, onlayn ko'rinishingiz mumkin. Bu sozlama xabar o'qilganini ko'rsatishga taalluqli emas: suhbatda har bir a'zo, jumladan siz bloklagan guruh a'zosi ham, xabarni kim va qachon o'qiganini ko'ra oladi.
Xabarlar. Suhbatlarda yuborgan xabar va fayllaringiz serverlarimizda saqlanadi, vakolatli xodimlarimiz esa ularni ko'rish imkoniga ega. Vakolatli xodimlarimiz suhbat mazmunini faqat shikoyatni ko'rib chiqish, xizmat va uning foydalanuvchilarini himoya qilish uchun yoki qonun talab qilganda ko'rishi mumkin. Admin vositalarimiz xodimga suhbat mazmunini ko'rsatishidan oldin u tegishli shikoyatni yoki yozma sababni kiritishi shart; har bir ko'rish (qaysi xodim hisobi, qachon, qaysi suhbat yoki xabar, qaysi shikoyat yoki sabab bo'yicha) jurnalga yoziladi. Bu jurnalni vositalarimiz orqali o'zgartirib ham, o'chirib ham bo'lmaydi va biz uni muddatsiz saqlaymiz. Ilovada o'chirgan xabarlaringiz rasmlari, fayllari, ovozli va video xabarlari bilan birga serverlarimizdan o'chiriladi; boshqa suhbatlarga uzatilgan nusxalar, javoblardagi qisqa iqtiboslar va shu xabar ustidan yuborilgan shikoyat bilan birga saqlangan nusxa (pastdagi «Shikoyatlar va yopilgan hisoblar» ga qarang) u bilan birga o'chirilmaydi. O'chirilgan xabar va fayllar zaxira nusxalarimizda 7 kungacha qolishi mumkin. Butun suhbat yoki guruh o'chirilganda esa boshqacha: u barcha a'zolar uchun yo'qoladi, lekin xabarlari va fayllari serverlarimizda qoladi.
Shikoyatlar va yopilgan hisoblar. Biror odam yoki xabar ustidan shikoyat qilsangiz, biz shikoyatni saqlaymiz: uni kim yuborgani, kim yoki nima haqida ekani, sababi, siz qo'shgan matn va u qaysi suhbatdan yuborilgani. Xabar ustidan shikoyat qilsangiz, xabar keyin o'chirilsa ham xodimlarimiz uni ko'rib chiqa olishi uchun shikoyat bilan birga uning nusxasini ham saqlaymiz: matnini va iloji bo'lsa rasmi, fayli, ovozli yoki video xabarini. Odam yoki uning xabari ustidan yuborilgan shikoyatda, agar u hisobini o'chirsa, qayta ro'yxatdan o'tishiga yo'l qo'ymaslik uchun o'sha odamning telefon raqami, email manzili va Apple orqali kirish identifikatorini kodlangan (maxfiy kalitli xesh) va qisman yashirilgan ko'rinishda (masalan, +99890*****12) ham saqlaymiz. Xabar nusxasi, siz qo'shgan matn va kodlangan ma'lumotlar shikoyat yopilganidan 90 kun o'tib, shikoyat shu paytgacha ochiq qolsa esa u yuborilganidan 365 kun o'tib o'chiriladi; shikoyatning qolgan qismi u yopilganidan 2 yil o'tib o'chiriladi. Xodimlarimiz yangi shikoyatlar haqida email orqali (Resend xizmati yordamida) oladigan bildirishnomalarda ism, telefon raqami, email manzili, xabar mazmuni yoki siz qo'shgan matn bo'lmaydi. Agar biz hisobni shartlarimizni buzgani uchun yopsak, u barcha qurilmalarda hisobdan chiqariladi. O'sha odam qayta ro'yxatdan o'ta olmasligi uchun — jumladan, ustidan shikoyat qilingan hisobini o'chirgan bo'lsa ham — yopish amalda bo'lgan muddatda uning telefon raqami, email manzili va Apple orqali kirish identifikatorini xuddi shunday kodlangan va qisman yashirilgan ko'rinishda saqlaymiz (raqamlar boshqa odamlarga o'tgani uchun telefon raqami yopilganidan 2 yil o'tib solishtirilmay qo'yadi), yopilgan hisob qurilmalarining identifikatorlarini esa ulardan biri boshqa hisob uchun ishlatilsa, buni payqash uchun kodlangan ko'rinishda saqlaymiz. Yopish bekor qilinsa, bu kodlangan ma'lumotlar o'chiriladi; qisman yashirilgan ko'rinish yopish haqidagi yozuvimizda qoladi. Yopilgan hisobning boshqa ma'lumotlari biz ularni o'chirmagunimizcha serverlarimizda turadi; buni d.zikirillayev@coreteam.uz manzili orqali so'rashingiz mumkin.
Hujjatlar. Davrada ilovasining «Hujjatlar» bo'limi siz qo'shgan hujjatlarni (masalan, pasport yoki ID karta) faqat telefoningizda saqlaydi. Ular shu telefondan hech qachon chiqmaydigan kalit bilan shifrlangan, serverlarimizga hech qachon yuborilmaydi, iCloud va kompyuterdagi zaxira nusxalarga tushmaydi va yangi telefonga ko'chmaydi — shuning uchun biz ularni ko'ra ham, tiklay ham olmaymiz. Bo'lim Face ID, Touch ID yoki telefon kodi bilan ochiladi (telefonda kod o'rnatilmagan bo'lsa, bo'limni qulflab bo'lmaydi); ilova faqat tekshiruv natijasini biladi, yuzingiz yoki barmoq izingiz ma'lumotlarini hech qachon olmaydi. Hujjatlardagi matn va raqamlar telefonning o'zida aniqlanadi. Hujjat telefoningizdan faqat uni o'zingiz «Ulashish» orqali yuborsangiz chiqadi; nusxa olingan raqam shu telefonning buferida ko'pi bilan 10 daqiqa turadi. Ekran yozib olinayotgan yoki ulashilayotgan paytda ilova «Hujjatlar» bo'limini yashiradi. Hisobdan chiqsangiz, hujjatlar telefonda shifrlangan va qulflangan holda qoladi va o'sha hisobga qayta kirganingizda ochiladi; ilovani yoki shu telefonda hisobni o'chirsangiz, ular ham o'chiriladi.
Qo'ng'iroqlar, uchrashuvlar va ekranni ulashish. Qo'ng'iroq va uchrashuvlarning ovozi va videosi shifrlangan ulanish orqali o'zimizning qo'ng'iroq serverimiz (serverlarimizda ishlaydigan LiveKit dasturi) orqali boshqa ishtirokchilarga jonli uzatiladi. Video qo'ng'iroq yoki uchrashuv paytida telefoningiz ekranini ulashishingiz mumkin: bunda ekranda paydo bo'ladigan hamma narsa — boshqa ilovalar va bildirishnomalar ham — siz «To'xtatish» ni bosguningizcha yoki qo'ng'iroq tugaguncha xuddi shu yo'l bilan boshqa ishtirokchilarga uzatiladi. Telefoningizdagi ilovalar ovozi ulashilmaydi. Biz qo'ng'iroq va uchrashuvlarning ovozi, videosi va ulashilgan ekranini yozib olmaymiz va saqlamaymiz.
AI agent. iOS uchun Davrada'da (2.0 va keyingi versiyalar) ixtiyoriy AI agent bor: u siz uchun xabar qoralamalari va qisqa mazmunlarni tayyorlaydi. U Anthropic, PBC (AQSh) kompaniyasining Claude modelida ishlaydi; Anthropic bu ma'lumotlarni bizning topshirig'imiz bilan, xizmat ko'rsatuvchimiz (ma'lumotlarni qayta ishlovchi) sifatida, o'zining tijorat shartlari va ma'lumotlarni qayta ishlash kelishuviga muvofiq qayta ishlaydi, shuning uchun ma'lumotlar O'zbekistondan tashqarida qayta ishlanadi. Agent faqat siz rozilik oynasida ruxsat berganingizdan keyin ishlaydi; ruxsatni istalgan vaqtda Sozlamalar → AI agent bo'limida bekor qilishingiz mumkin. AI agent faqat 18 yosh va undan katta foydalanuvchilar uchun; unga ruxsat berganingizda 18 yoshga to'lganingiz haqidagi tasdig'ingizni ruxsat bilan birga saqlaymiz. Agentni sizga taqdim etish mumkinligini tekshirish uchun serverimiz so'rovingiz kelgan internet (IP) manzil qaysi mamlakatga tegishli ekanini aniqlaydi — ilova agent sizga ochiqligini tekshirgan har safar va siz undan foydalangan har safar — va bu Anthropic o'z xizmatlarini ko'rsatmaydigan mamlakat bo'lsa, agentni o'chiradi. Buning uchun o'z serverimizdagi ma'lumotlar bazasidan foydalanamiz (IP Geolocation by DB-IP, https://db-ip.com, CC BY 4.0 litsenziyasi), shuning uchun manzil bu maqsadda hech kimga yuborilmaydi. Tekshiruvning o'zi manzilni ham, mamlakatni ham yozib qo'ymaydi — faqat umumiy sonlarni saqlaymiz. Server xotirasida 24 soatgacha faqat natija (agent ochiqmi yoki yo'q, mamlakatsiz) turadi: agent siz uchun yuborgan xabarga kelgan javob AI orqali faqat shu 24 soat ichidagi oxirgi tekshiruv agentni ochiq deb topgan bo'lsa qisqartiriladi; aks holda javob sizga iqtibos sifatida keladi. Ma'lumotlar Anthropic'ga faqat agentga topshiriq berganingizda va kimdir agent orqali yuborgan xabaringizga javob yozganida yuboriladi. Agentga topshiriq berganingizda Anthropic'ga quyidagilarni yuboramiz: topshiriq matni, kontekst uchun esa oxirgi 24 soatdagi ko'pi bilan 3 ta oldingi topshirig'ingiz, agentning ularga javoblari va javoblarning yaqindagi qisqa mazmunlari; ismingiz va @username'ingiz, ilova tili va vaqt mintaqangiz; topshiriq uchun kerakli do'stlaringiz va suhbatlaringiz nomlari hamda @username'lari; shuningdek, agentni ochgan suhbatingiz va topshiriqda nomini aytgan odamlar yoki guruhlar bilan suhbatlaringizdagi oxirgi 7 kundagi ko'pi bilan 30 ta so'nggi xabar — ular orasida boshqalar yozgan xabarlar ham bo'lishi mumkin. Kimdir agent orqali yuborgan xabaringizga javob yozsa, agent sizga uning qisqa mazmunini aytishi uchun bu javobni Anthropic'ga yuborishimiz mumkin (bitta qisqa matnli javob Anthropic'ga yuborilmaydi, sizga o'zicha ko'rsatiladi). Davrada'da saqlangan telefon raqamlari (profillar, do'stlar ro'yxati va yuborilgan kontaktlardagi) yuborilmaydi; suhbat xabarlaridagi 7 va undan ko'p xonali sonlar (masalan, telefon va karta raqamlari, lekin sanalar emas) hamda email manzillar yuborishdan oldin yashiriladi; topshiriqqa o'zingiz yozgan narsa yozganingizdek yuboriladi. Rasm, fayl, ovozli va video xabarlar hamda yuborilgan joylashuvlarning xaritadagi koordinatalari yuborilmaydi, Hujjatlaringiz esa telefoningizdan hech qachon chiqmaydi. Tijorat shartlariga ko'ra Anthropic bu ma'lumotlardan modellarini o'qitishda foydalanmaydi, ma'lumotlarni saqlash siyosatiga ko'ra esa ularni 30 kun ichida o'chiradi, agar ularni uzoqroq saqlashi shart bo'lmasa — masalan, tizimlari foydalanish qoidalari buzilgan bo'lishi mumkinligini belgilaganda (2 yilgacha) yoki qonun talab qilganda. AI agent bilan suhbatingizni (topshiriqlar, javoblar, qoralamalar va javoblar mazmuni) 30 kun; agentdan qancha foydalanganingiz va uning javoblari ustidan yuborgan shikoyatlaringiz haqidagi yozuvlarni mazmunisiz 13 oygacha; ruxsat bergan yoki uni bekor qilgan vaqtingiz haqidagi yozuvni esa, 18 yoshga to'lganingiz haqidagi tasdiq bilan birga, hisobingiz mavjud ekan saqlaymiz. Suhbatni istalgan vaqtda Sozlamalar → AI agent bo'limida tozalashingiz mumkin, hisobingizni o'chirsangiz esa AI agent bilan suhbatingiz va ruxsat haqidagi yozuv ham u bilan birga o'chiriladi. Admin vositalarimiz AI agent bilan suhbatlaringizni ko'rsatmaydi. Agent o'zi hech narsa yubora olmaydi: xabar faqat siz qoralamadagi «Yuborish» tugmasini bosganingizda yuboriladi va qabul qiluvchi uni ismingiz va «AI» belgisi bilan ko'radi. Shundan keyin bunday xabar boshqa har qanday suhbat xabari kabi saqlanadi va qayta ishlanadi. Agar suhbatdoshingiz AI agentdan foydalansa, u shu suhbat bo'yicha agentga topshiriq berganida siz bilan suhbatining yoki ikkalangiz a'zo bo'lgan guruhning so'nggi xabarlari yuqorida aytilgandek Anthropic'ga yuborilishi mumkin, uning «AI» belgili xabarlariga yozgan javoblaringizning qisqa mazmuni esa unga ko'rsatilishi mumkin. iOS uchun Davrada'ning 2.0 va keyingi versiyalarida boshqalarning AI agenti xabarlaringizni o'qishini Sozlamalar → Xavfsizlik bo'limida («Boshqalarning AI agenti xabarlarimni o'qimasin») to'xtatishingiz mumkin; shunda ularning agenti xabar yuborganingizni ko'radi, lekin matnini ko'rmaydi, ularning «AI» belgili xabarlariga yozgan javoblaringiz esa Anthropic'ga yuborilmaydi.
Ma'lumotlardan foydalanish
Biz yig'gan ma'lumotlardan quyidagi maqsadlarda foydalanamiz:
- Xizmatlarimizni taqdim etish va yaxshilash;
- Hisobingizni boshqarish va texnik yordam ko'rsatish;
- Xavfsizlikni ta'minlash va firibgarlikning oldini olish;
- Qonun talab qilgan hollarda davlat organlariga ma'lumot taqdim etish.
Ma'lumotlarni uchinchi shaxslar bilan ulashish
Biz foydalanuvchi ma'lumotlarini sotmaymiz. Ma'lumotlarni faqat quyidagi hollarda ulashishimiz mumkin:
- Xizmat ko'rsatuvchi provayderlar (xosting, analitika, push-bildirishnomalar, kirish kodlarini yetkazish) — ish shartnomasi doirasida.
- AI model provayderi (Davrada AI agenti): Anthropic, PBC (AQSh), uning tijorat shartlari va ma'lumotlarni qayta ishlash kelishuviga muvofiq — faqat AI agentga ruxsat bergan foydalanuvchi unga topshiriq berganida yoki agent orqali yuborgan xabariga javob olganida; «Yig'iladigan ma'lumotlar» bo'limidagi «AI agent» paragrafiga qarang.
- Qonun majburiy qilgan hollarda.
- Foydalanuvchining yozma roziligi bilan.
Kirish kodlari va xabar yetkazish xizmatlari (Davrada ilovasi)
Tizimga kirishingiz uchun Davrada ilovasi telefon raqamingiz yoki email manzilingizga bir martalik tasdiqlash kodini yuboradi:
- SMS (O'zbekiston raqamlari): telefon raqamingiz va kod faqat SMS yetkazish uchun SMS shlyuzimiz bo'lgan Eskiz (Eskiz.uz, O'zbekiston) kompaniyasiga uzatiladi.
- WhatsApp (O'zbekistondan tashqari raqamlar, bu usul mavjud bo'lgan hollarda): telefon raqamingiz va kod faqat kodni WhatsApp hisobingizga yetkazish uchun WhatsApp Business Platform orqali WhatsApp / Meta Platforms («Meta») kompaniyasiga uzatiladi. Meta bu ma'lumotlarni o'z shartlari va maxfiylik siyosatiga muvofiq qayta ishlaydi (https://www.whatsapp.com/legal). Kod yuborilishidan oldin ilova raqamingizni tasdiqlashni so'raydi.
- Email: email manzilingiz va kod faqat xatni yetkazish uchun email xizmatimiz bo'lgan Resend kompaniyasiga uzatiladi.
Telefon raqami o'rniga har doim email orqali kirishingiz mumkin; bunda shu email manzilga ro'yxatdan o'tgan Davrada hisobi ochiladi yoki yangi hisob yaratiladi. Kodni telefon raqamingizga yuborib bo'lmaganda ham — masalan, O'zbekistondan tashqari raqam uchun WhatsApp orqali yuborish imkoni bo'lmaganda — email orqali kirasiz.
Telefon raqamingiz yoki email manzilingizni bu xizmatlarga reklama uchun yoki kodni yetkazishdan boshqa hech qanday maqsadda uzatmaymiz. Kodlar 5 daqiqa davomida amal qiladi va faqat bir marta ishlatilishi mumkin. Eskiz, Meta va Resend o'zlari yetkazgan xabarlarning nusxalarini o'z shartlariga muvofiq saqlashi mumkin; Meta va Resend bu ma'lumotlarni O'zbekistondan tashqarida, jumladan AQShda qayta ishlashi mumkin. WhatsApp orqali yuborilgan kodlar bo'yicha Meta bizga xabar yetkazilgan-yetkazilmagani va o'qilgan-o'qilmaganini bildiradi. Agar WhatsApp'da kodni siz so'ramaganingizni bildirsangiz, biz o'sha kodni bekor qilamiz va raqamingizga WhatsApp kodlarini yuborishni vaqtincha to'xtatamiz.
SMS yoki WhatsApp orqali yuborilgan har bir kod uchun suiiste'mollarning oldini olish va yetkazish muammolarini aniqlash maqsadida yetkazish yozuvini saqlaymiz: telefon raqami, vaqt, davlat, yetkazish holati (va, agar ma'lum bo'lsa, kod kiritilgan-kiritilmagani) hamda xizmat qaytargan yetkazish hisoboti (unda xabar matni bo'lishi mumkin); WhatsApp kodlari uchun yozuvda xabar tili va so'rov kelgan tarmoq (faqat tarmoqni ko'rsatadigan qisqartirilgan IP manzil) ham bo'ladi. Shuningdek, so'rovlar sonini cheklash va suiiste'mollarning oldini olish uchun har bir kirish so'rovining to'liq IP manzilidan foydalanamiz. U vaqtinchalik hisoblagichlar va yozuvlarda saqlanadi — so'rov qilingan telefon raqami bilan birga ko'pi bilan 48 soat — va shu manzildan kelgan oxirgi so'rovdan keyin ko'pi bilan 3 kun ichida avtomatik o'chiriladi; agar biz manzilni suiiste'mol uchun bloklasak, u blok davomida (ko'pi bilan 30 kun) saqlanadi va ichki xavfsizlik ogohlantirishlarimizda qolishi mumkin. U server jurnallarimizda ham qayd etilishi mumkin.
Ma'lumotlarni saqlash va xavfsizlik
Biz ma'lumotlarni xavfsiz serverlarda saqlaymiz va sanoat standartlariga muvofiq texnik va tashkiliy himoya choralarini qo'llaymiz. Ammo internet orqali ma'lumot uzatish 100% xavfsiz emasligini tan olamiz.
Foydalanuvchi huquqlari
Sizning quyidagi huquqlaringiz mavjud:
- Ma'lumotlaringizni ko'rish va nusxa olish;
- Noto'g'ri ma'lumotlarni tuzatish;
- Hisobingiz va ma'lumotlaringizni o'chirish;
- Marketing aloqalaridan voz kechish.
Davrada ilovasida hisobingizni o'zingiz o'chirishingiz (Sozlamalar → «Akkauntni o'chirish»), iOS uchun Davrada'ning 2.0 va undan keyingi versiyalarida esa onlayn holatingizni kim ko'rishini tanlashingiz (Profil → «Onlayn holat») mumkin. Agar hisobingiz shartlarimizni buzgani uchun yopilgan bo'lsa, uning ma'lumotlarini o'chirishni email orqali so'rashingiz mumkin.
iOS uchun Davrada'ning 2.0 va keyingi versiyalarida AI agentga bergan ruxsatingizni istalgan vaqtda bekor qilishingiz va u bilan suhbatni tozalashingiz (Sozlamalar → AI agent), shuningdek boshqalarning AI agenti xabarlaringizni o'qishini to'xtatishingiz (Sozlamalar → Xavfsizlik) mumkin.
Ushbu huquqlardan foydalanish uchun biz bilan bog'laning: d.zikirillayev@coreteam.uz
Bolalar maxfiyligi
Bizning xizmatlarimiz 13 yoshdan kichik bolalar uchun mo'ljallanmagan. Biz 13 yoshdan kichik foydalanuvchidan bilib turib ma'lumot yig'maymiz.
Siyosatga o'zgartirishlar
Ushbu maxfiylik siyosati vaqti-vaqti bilan yangilanishi mumkin. Sezilarli o'zgarishlar haqida saytda yoki ilova ichida xabar beramiz.
Bog'lanish
Maxfiylik bo'yicha savollar uchun:
"CORE TEAM" MCHJ
Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, To'qimachi MFY, Shota Rustaveli ko'chasi, 112-uy
Email: d.zikirillayev@coreteam.uz
Telefon: +998 94 676 79 77